14 Sep 2017

Akril bo’yoq

Akril bo’yoq – suvli-dispersion bo’yoqlarning bir turi bo’lib, turli yuzalarga rasm chizishda hamda ta’mirlash ishlarida foydalaniladi. Akril bo’yoqlar nima uchun kerak? Ular quyidagi yuzalarni pardozlash ishlarida qo’llaniladi:                                          

  • g’ishtli;                                                                                                                                         
  • yog’osh;                                                                                                                                
  • beton;                                                                                                                                               
  • shisha.  

Akril bo’yoqlar tez quriydi, shu sababli ular binoning ichki qismini ta’mirlashda ayniqsa qo’l keladi.  

Akril bo’yoqlarning asosini suv tashkil etadi. Unga rang beruvchi pigment va biriktiruvchi polimer emulsiya qo’shiladi.

Akril bo’yoqlarning asosiy afzalliklari:                                                                                            

  • puxtaligi;                                                                                                                  
  • chidamliligi;                                                                                                                            
  • foydalanishdagi tejamliligi;                                                                                                   
  • qurigandan keyingi yorqinligi;                                                                                                         
  • hamyonbopligi.

Akril bo’yoqlarni quyidagi sifatlari sababli tanlaydilar. Uni suv yordamida cho’tka va valikdan osongina yuvib tashlash mumkin, yog’li bo’yoqlardan farqli o’laroq yuzalarda “ajin” yoki burmalarni qoldirmaydi hamda suv shimmaydi, shuning uchun ham oshxona yoki vannaxonalarni bo’yashda ishlatiladi.

Tashqi yuzalarga kelsak, bu yerda akril bo’yoqlarga yetadigani yo’q. Turli ob-havo sharoitiga chidamliligi uchun bu bo’yoqlar binolarning fasadini bo’yashda keng foydalaniladi. Akril bo’yoqlari tashqi devorlarni bo’yashda ham ishlatiladi. Akril bo’yoqlari bilan bo’yalgan yuzalarga hech qanday yog’ingarchilik xavf solmaydi. Bunday yuzalarga tushgan namlik tezda quriydi hamda hech qanday zarar yetkazmaydi.

Akril bo’yoqlari yaxshi ekologik ko’rsatkichlarga ega. Ish jarayonida ham, qurigandan keyin ham zararli moddalar ajratmaydi. Shuning uchun ular bilan ishlaganda maxsus himoya vositalarini kiyish shart emas.

Akril bo’yoqlari bilan qanday ishlanadi?

Bo’yoq surtishdan avval bo’yaladigan yuzani tayyorlab olish lozim. Yuza toza, quruq va butun bo’lishi kerak. Buning uchun u kirlar, chang, gulqog’oz, eski bo’yoq yoki suvoqdan tozalanadi. Agar yuzaning asosi po’k bo’lsa, gruntlanadi, ya’ni xomaki bo’yoq berib chiqiladi. Bo’yoq ko’p sarflanib ketmasligi uchun yuza suvli shpatlyovka bilan tekislab chiqiladi. Bo’yoq maxsus idishda suv bilan aralashtiriladi va bir oz tingandan keyingina ishlatiladi. Ishning turiga qarab bo’yoq kerakli quyuqlik holiga keltiriladi. Shuningdek kerakli tusga ega bo’lish uchun turli rangdagi bo’yoqlarni aralashtirish mumkin. Bundan tashqari bo’yoqqa yaltiroq yoki jilosiz tus beruvchi eritmalar ham mavjud.

Akril bo’yoqlari bilan ishlaganda bir tomonga qarab bo’yash tavsiya qilinadi. Shunda natija ham yaxshiroq bo’ladi