17 Oct 2017

Uy fasadini bo’yash uchun qaysi bo’yoqdan foydalangan ma’qul

Uyning tashqi ko’rinishiga qarab uning egasining didi haqida ma’lumotga ega bo’lish mumkin. Binoning fasadi esa har bir uyning yuzi hisoblanadi. Fasadning mustahkam va chiroyli ko’rinishi uchun unga alohida e’tibor qaratish kerak. Xususan, uyni muntazam bo’yab turish lozim.

Shu yerda savol tug’iladi: “Uy fasadi uchun qaysi bo’yoqdan foydalangan ma’qulroq?” Binolarning tashqi qismi va fasadlarni bo’yash uchun mo’ljallangan bo’yoqlar bir qator qo’shimcha xususiyatlarga ega bo’lishi kerak. Masalan, turli ob-havo sharoitiga chidamli va mexanik ta’sirlarga bardoshli bo’lishi lozim.

Bo’yoqlarning xususiyatlari

Fasadni bo’yash uchun eng maqbul variantni tanlash uchun bo’yoqlarning quyidagi xususiyatlariga e’tibor qaratish kerak:

*Biriktiruvchi modda. Bo’yoqning sifati aynan shunga bog’liq. Tarkibida vinil, akril,silikon va silikat bo’lgan smolalar ayniqsa ommabopdir. Sifatli bo’yoqlarda bu moddalarning protsent miqdori yuqori bo’ladi.

*Ultrabinafsha nurlar ta’siriga chidamliligi. Bo’yoqlarning qurigandan keyingi yorqin ko’rinishi aynan shunga bog’liq. Bu masalada fasad uchun mo’ljallangan akril bo’yoqlari hamda polikremniyli va akril-silikonli bo’yoqlar yetakchilik qiladi.

*Havo o’tkazuvchanligi.

*Bo’yoq sarflanishi. Bu ko’rsatgich 100 dan 3000 g/m2. Ko’p narsa bo’yalayotgan yuzaga bog’liq.

Bo’yoq turlari

Ayni damda bo’yoqlarning quyidagi turlariga ehtiyoj katta:

*vinil;                                                                                                                                   

*akril;                                                                                                                                                            

*akril-silikonli;                                                                                                                                                   

*ohakli;                                                                                                                                            

*silikat;                                                                                                                                                         

*sementli;                                                                                                                                                                

*polikremniyli

Har bir bo’yoqning fasad uchun ishlatishga mos keladigan taraflari bor. Vinil bo’yoq asta-sekinlik bilan o’z o’rnini akril bo’yoqlariga bo’shatib berdi. Vinil bo’yoqlar suvda eritiladi. Biroq bunday bo’yoq bilan bo’yalgan yuzada mog’or paydo bo’lishining xavfi bor hamda kimyoviy moddalar zarar yetkazishi mumkin.

Akril bo’yoqlarining asosini organik smola tashkil etadi. Bo’yalgandan keyin rangi ham, yorqinligi ham uzoq turadi. Akril-silikonli bo’yoqlar bu ikki tur bo’yoqlaning xususiyatlarini o’zida mujassamlashtiradi. Bunday bo’yoqlar tashqi ta’sirlarga va ishqalanishga chidamlidir.

Silikonli bo’yoqlarning asosiy fazilati  – gidrofob xususiyatga ega ekanligi, ya’ni yomg’ir suvini o’zidan itarib, devorga singib ketishiga yo’l qo’ymaydi. Bu narsa fasadlarni yemirilish va ifloslanishdan himoya qiladi.

Silikatli bo’yoqlar ob-havo sharoitiga bardoshli, ularga zamburug’ va mog’or xavf sololmaydi. Biroq bu bo’yoqni keyingi bo’yash jarayonida ketkazish qiyindir.

Polikremniyli bo’yoq – silikatli bo’yoqning mukammallashgan turidir. U yuqori darajadagi havo o’tkazish xususiyati hamda namlikka chidamligi bilan ajralib turadi.

Sementli bo’yoq suv bilan eritiladi. U yaxshi sifatga ega, biroq asosan pastel, ya’ni och aralash tusdagi ranglari taqdim qilingan.